Toshkent metrosida yana poyezd to‘xtab qoldi
Ikkita bekatda yo'lovchilar vagondan tushirilgan.

Bugun, 23-fevral kuni metropolitenning Yunusobod yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan poyezd “Abdulla Qodiriy” bekatida to‘xtab qolgani aks etgan video tarqaldi. Video muallifining so‘zlariga ko‘ra, taxminan 200 nafar yo‘lovchi bekatga tushirilgan.
Shuningdek, xuddi shu yo‘nalishning “Yunus Rajabiy” bekatida ham poyezd vagonlari 20-30 daqiqa to‘xtab qolgani aks etgan videolar tarqaldi.
Holat yuzasidan rasmiy izoh berilishicha, “Abdulla Qodiriy” metro bekatida 65-sonli harakat tarkibi soat 13:55 da texnik nosozlik aniqlangani sababli ushbu bekatda yo‘lovchilarni tushirgan.
Shundan so‘ng Yunus Rajabiy bekatida harakatlanayotgan 62-sonli poyezd ham yo‘lovchilarni bekatda qoldirib, 65-marshrutni depo tomon harakatlantirgan. 14:10 dan boshlab yo‘nalishda poyezdlar qatnovi tiklangan.








