Ukraina mustaqilligidan ham muhim: nima uchun Gʻarb Rossiya energetika sektoriga sanksiya joriy etmadi?
“Yevropa iste’molchilari tez orada ming kubometr gaz uchun 2000 dollar to‘laydigan dunyoga xush kelibsiz”.

24-fevral kuni Rossiyaning “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri ishga tushirilishi to‘xtatib qo‘yilgandan keyin Dmitriy Medvedev shunday tvit qoldirdi.

Ammo bu Gʻarb tomonidan Rossiya energetika sektoriga joriy etgan yagona cheklov bo‘lib qolmoqda. AQSH, Yevropa va Yaponiya rasmiylari Moskva neft-gaz tarmog‘iga sanksiya joriy etish halokatli ekanini ma’lum qildi. Aslida ham shundaymi? Dunyo rus nefti va gaziga qay darajada qaram?
Yevropaning ayrim davlatlari Rossiyadan energetik resurslaridan butunlay voz kechishni taklif etayotgna bo‘lsa-da, amalda buning hozirda imkoni yo‘q. Quyidagi jadvalda Yevroittifoq davlatlari sotib oladigan gazning qancha qismi Rossiyaga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan:

Rus gazining eng katta iste’molchilaridan bo‘lgan Germaniyada ayrim siyosatchilar “Shimoliy oqim-2” loyihasi to‘xtatib qo‘yilganidan xavotir bildirgan. Xususan, Bundestag deputati, parlamentning energetika qo‘mitasi raisi Klaus Ernst hukumatning bu qarorni noto‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlagan. Ular bu nafaqat Moskvaga, balki Germaniya va Yevroittifoqning boshqa 12 davlatiga ham zarar yetkazishini ma’lum qilgan.
Ayrim kuzatuvchilar o‘tgan yili gaz narxi keskin oshishi ortidan Rossiyaning “Shimoliy oqim-2”ga ishlatgan mablag‘lari to‘la oqlanganini ta’kidlamoqda (unga 10 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflangan). RF esa 2021-yilda 125 mlrd dollarlik neft va gaz sotgan.
AQSH bundan bir necha hafta oldin Rossiya bilan munosabatlar keskinlashgan taqdirda Yevropaga Qatar va Ozarbayjon gazini yetkazib berishni ko‘rib chiqqan. Ammo keyinchalik Qatar energetika vaziri buning imkoni yo‘qligini, YI energetika bozorida hech kim RF o‘rnini to‘ldira olmasligini ma’lum qildi. Ozarbayjon orqali ham gazga bo‘lgan talabni to‘la qondirib bo‘lmaydi.
Vashington ham butun dunyo eneretik resurslari bozori ko‘p jihatdan RFga bog‘liq ekanini yaxshi anglaydi. Bu neft va gaz narxi yanada oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. 24-fevral, Rossiya Ukrinada harbiy operatsiyani boshlagan kuni, Brent markali neftning bir barreli 103 dollarga yetdi (So‘nggi bor neft narxi 2014-yilda 100 dollardan baland bo‘lgan). Rossiya jahondagi “qora oltin”ning 10 foizini ishlab chiqaradi. Unga nisbatan cheklovlar joriy etilgan taqdirda, neft narxi yanada ko‘tarilib ketishi aniq. Bu dunyodagi hech qaysi davlat uchun foydali emas.
Neft va gazning tobora qimmatlashib borishi bir necha tomondan xavfli. Ekspertlar fikricha, bu, eng avvalo, butun dunyo bo‘ylab inflyatsiya oshishiga olib keladi. Boshqa tomondan, pandemiyadan keyingi tiklanish davri sekinlashishiga sabab bo‘ladi. Jahon iqtisodiyotining “qoni” bo‘lgan energetikada barqarorlik saqlanib qolishi – eng muhim masala.
Jahongir Qo'ziyev








