Chegarani kesib o‘tish piyoda amalga oshirilmoqda – elchixona
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi murojaat bilan chiqdi.

Hurmatli vatandoshlar!
1. Hozirda fuqarolarimiz Ukraina–Polsha chegarasini kesib o‘tishni boshlashdi. Chegara zonasini kesib o‘tish tajribasiga asoslanib, Sizga quyidagilarni ma’lum qilamiz:
– Ukraina va Polsha chegarachilari, birinchi navbatda, ayollar va bolalarni o‘tkazishyapti.
– Chegarani kesib o‘tish juda uzoq vaqt talab etmoqda. Birinchi guruh uchun bu jarayon 14 soat davom etdi. Lvovga ko‘p sonli qo‘shimcha evakuasiya poyezdlari yetib kelganini hisobga olib, chegarani kesib o‘tish vaqti cho‘zilishi mumkin.
– Chegarada odamlarning ko‘pligi tufayli avval e’lon qilingan “yashil yo‘lak” ishlamayapti, chegarani o‘tish fuqaroligidan qat’i nazar, navbat asosida amalga oshirilmoqda.
– Chegarani kesib o‘tish piyoda amalga oshirilmoqda, shu munosabat bilan fuqarolarimizdan chegarada sovuq havo o‘rnatilganini hisobga olishlarini so‘raymiz.
– Hujjatlari bo‘lmagan (u yoki bu sabablarga ko‘ra) fuqarolarimiz uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatning hech bo‘lmaganda qog‘oz ko‘rinishidagi nusxasi yoki mobil telefonida skaner qilingan nusxasi bo‘lishini so‘raymiz.
– Chegara oldidagi tirbandlik holatlari vaziyatdan kelib chiqqan holda Elchixona ayollar va bolalarni imkoni boricha chegaraga yaqinroq joyga yetkazishni ta’minlaydi.
– Mustaqil ravishda chegaraga yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraga borish tavsiya etiladi.
2. Lvovga yetib kelgan hurmatli vatandoshlar, Sizdan xotirjam bo‘lishingizni so‘raymiz. Afsuski, diasporamiz vakili M.Soliyev bir vaqtning o‘zida yuzlab odamlarning muammolarini jismonan hal qila olmaydi. Shu munosabat bilan, imkon qadar bir-biringizga yordam berishingizni, yurtdoshlarimizga kelishni muvofiqlashtirishda yordam beradigan ko‘ngillilar guruhlarini shakllantirishingizni iltimos qilib murojaat qilmoqda.
Xalqimizning milliy an’analariga asoslanib, yurtdoshlarimizdan, eng avvalo, ayollar, bolalar, talaba-yoshlar va keksalarga yordam berishlarini so‘raymiz.
3. Polsha tomonida O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi Elchixonasi vakili joylashgan bo‘lib, fuqarolarimizni Vatanimizga jo‘natish ishlarini muvofiqlashtiradi. Vakil hujjatlar rasmiylashtirish bilan aeroportda shug‘ullanadi.
4. Moldova hududiga sayohat qilish bilan bog‘liq so‘rovlar kelib tushmoqda. Ularni inobatga olgan holda shuni ma’lum qilamizki, xavfsizlik tamoyilidan kelib chiqib, agar fuqarolarimizga Moldovaga borish osonroq bo‘lsa, ushbu variantni ko‘rib chiqishlari lozim.
Shu bilan birga, Moldovada bizning Elchixonamiz mavjud emasligi va mamlakatning aviasiya maydoni havo qatnovi uchun yopiq ekanligini ma’lum qilamiz.
Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lgan fuqarolarga yordam berish uchun shtab tashkil etilmoqda. Shtabning aloqa uchun ma’lumotlari qo‘shimcha ravishda joylashtiriladi.








