Ukrainada qo‘lga olingan o‘zbekistonlik fuqaroning kimligi aniqlandi
U 23-fevral kuni Kiyevga forumda ishtirok etish uchun borib, qaytib kelolmay qolgan.

Ukrainaning urushda asir olingan va o‘lgan askarlarni identifikasiya qilish bilan shug‘ullanuvchi Telegram kanalida Rossiya tomonidan jang qilgan, deb ishora qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Bozorov Adhammirza Hayitovichning pasport ma’lumotlari tarqatildi.
Bloger Nurbek Alimovning yozishicha, bu yigit dasturchi bo‘lgan. U O‘zbekistondagi ko‘plab saytlarda ishlagan. Hatto 2014 yilda Milliy internet tanlovining “O‘zbekistonning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati aks etgan eng yaxshi sayt” nominasiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan.
Shuningdek, ma’lum vaqt O‘zbekiston Milliy axborot agentligida ham faoliyat olib borgan. Bugungi kunda u Toshkentdagi “Sales doctor” firmasida dasturchi sifatida ishlab keladi. Bundan tashqari, Adhammirza Bozorov “Sales doctor solutions” MCHJning 30 foiz ulushiga egalik qiladi.
Bu yigit Ukrainaga innovasion tovar va servislarni rivojlantirishga qaratilgan platformasi — FMCG CLUB'ning taklifiga binoan 23 fevral kuni soat 15:25 da O‘zbekiston havo yo‘llari orqali Ukrainaning Kiyev shahriga uchgan. 24 fevral kuni Kiyevda FMCG INDUSTRY FORUM 2022 bo‘lib o‘tishi kerak edi. U bilan birga yana bir O‘zbekiston fuqarosi Temur ismli dasturchi yigit ham bo‘lgani aytilmoqda. 27 fevral kuni esa Toshkentga qaytishga chiptasi ham bo‘lgan.
“24 fevralda urush boshlanib ketgach, Ukraina shaharlarida komendantlik soatlari joriy qilingani sababli bu yigit tushunmovchilik sabab qo‘lga olingan bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.








