Ukrainaning 3 ta hududidan o’zbeklar evakuatsiya qilinmadi
Tashqi ishlar vazirining rasmiy vakili vaziyat bo’yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuasiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti. Hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuasiya qilish hisoblanadi.
Faol harbiy harakatlar olib borilayotgan Ukrainaning ayrim aholi punktlaridan, xususan, Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan fuqarolarimizni evakuasiya qilishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Ushbu shaharlardan fuqarolarni olib chiqish harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin tashkil etiladi, ungacha himoyalangan bunkerlarda qolish tavsiya etiladi.
Kiyevda va ayniqsa, uning chekka hududlaridagi murakkab vaziyatga qaramay fuqarolarimizni vokzalga yetkazish ishlari davom etmoqda. Kiyevdan g‘arbiy yo‘nalishdagi poyezd qatnovlari ham to‘xtatilmagan.
Ayni paytda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarimizni Lvov shahridan «Krakoves» nazorat-o‘tkazish punktigacha yetkazish tashkil etilmoqda.








