Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari ishdan olinadi – Prezident
Davlat rahbari talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib, bu borada ayrim hudud rahbarlari faoliyatini tanqid qildi.

OTM talabalari bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Prezident talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.
“2021 yilda talabalar yotoqxonasi bo‘yicha tizim yaratildi. Lekin, barcha hududlarda ham ishlar bir xilda olib borilmayapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda ehtiyoji bo‘lgan talabalarning 90 ming nafari yotoqxona bilan ta’minlangan, xolos. Misol uchun, 2022 yilda xususiy sherikchilik asosida 19 ming o‘rinli 47 ta talabalar yotoqxonasini qurish belgilangan bo‘lib, subsidiyalar uchun byudjetdan 180 milliard so‘m ajratilgan.
Bugungi kunda Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda ish boshlanmagani tanqid qilindi.
Shuningdek, ijarada yashayotgan talabalarga 2022 yilda byudjetdan 120 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgan. Ya’ni, rektorlarga o‘tgan ikki oyda 24 milliard so‘m mablag‘ berilgan. Biroq, ushbu mablag‘lardan atigi 5 milliard so‘m ishlatilgan.
“Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi”, dedi Prezident.
Qaysi oliygoh rektori yotoqxona qurilishining 50 foizini o‘z oliygohi mablag‘i hisobidan qilish tashabbusini bildirsa, qolgan 50 foizi byudjetdan qoplanishi belgilandi.








