Rossiya bilan muzokarada ishtirok etgan ukrainaliklardan biri halok bo‘ldi
Uning o‘limi borasida qarama-qarshi fikrlar bor.

Muzokara ishtirokchilaridan biri Denis Kireyev maxsus operatsiya paytida halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Kireyev 28-fevral kuni tashkil etilgan muzokaralarning birinchi raundida Ukraina tomonidan ishtirok etgan. Mudofaa vazirligi Kireyevni maxsus operatsiyada o‘ldirilgani va “Vatanini himoya qilib halok bo‘lgani”ni qayd etgan.
Shu bilan birga, Ukraina Oliy radasi deputati Aleksandr Dubinskiy Kireyev davlatga xiyonatda gumonlangani va Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olinayotganda vafot etganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida: 24-fevral kuni Rossiya Ukrainada maxsus operatsiya boshladi. Hozirga qadar Xerson, Berdyansk kabi yirik shaharlar egallangan. Odessa va Mariupol qurshovga olingan. Xarkovda og‘ir janglar davom etmoqda. Moskva operatsiyadan ko‘zlangan maqsad — Ukrainani qurolsizlantirish va “denasifikasiya” qilish ekanini aytgan. 28-fevral va 3-mart kunlari Rossiya va Ukraina Belarus hududida muzokara olib bordi.
Avvalroq Zelenskiy Turkiyada Putin bilan uchrashishga tayyorligi ma’lum qilingandi.








