O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan diplomat ayollar
Bugungi kunda xotin-qizlar barcha sohalarda faoliyat olib bormoqda. Ularning siyosat, iqtisod, sog‘liqni saqlash va ta’limda o‘rni beqiyos.

Xalqaro munosabatlar va diplomatiya rivojiga ham ayollar salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Roli Astxana — BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Astxana xonim — barqaror rivojlanish dasturi bo‘yicha 25 yillik tajribaga ega. U O‘zbekistonga kelishidan oldin Buyuk Britaniyaning qator vazirlik va tashkilotlarida ishlagan. Bundan tashqari, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabida ma’ruzachi bo‘lgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya va Hindistonning qator ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat olib borgan. 2022 yil 6 fevral kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Roli Astxanani tashkilotning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori etib tayinladi.
Szyan Yan — XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi
Szyan Yan 1970 yilda Xitoyning Xeylunszyan provinsiyasida tug‘ilgan. 1992 yildan diplomatik xizmatda. O‘z faoliyatini XXR TIV Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti referanti sifatida boshlagan Szyan xonim turli yillarda Rossiya, Qozog‘iston davlatlarida, tashqi ishlar vazirligining turli tuzilmalarida ishlagan. 2018 yilda XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.
Amira Fahmi — Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi
Fahmi Xonim Qohira universitetining iqtisodiy va siyosiy fanlar fakulteti bitiruvchisi. 20 yildan ortiq diplomatik tajribaga ega. Yaponiya va BMTda faoliyat olib borgan. Amira Fahmi “Dunyo AA”ga bergan intervyusida o‘z kasbini sevishini aytgan. Bundan tashqari, elchi samarali ilmiy faoliyat ham olib borgan. Xususan, diplomatik xizmatga kelishidan avval dunyoning yetakchi tadqiqot markazlarida siyosatshunos bo‘lib ishlagan.
Oreliya Bushez — Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi
Oreliya Bushez ham uzoq yillik tajribaga ega diplomat. Turli yillarda NATO, BMT, “katta yettilik”da. Bundan tashqari, Fransiya TIV o‘rinbosari, NATO bosh kotibi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Bushez xonim O‘zbekistonga kelgunga qadar, Moskvadagi Fransiya elchixonasida siyosiy maslahatchi, Qozog‘istonda YeI elchisi, Ozarbayjonda Fransiya elchisi bo‘lib ishlagan. 2021 yilning 6 oktyabridan boshlab Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi hisoblanadi.
Zexavit Ben-Gilel — Isroilning O‘zbekistondagi elchisi
Zexavit Ben-Gilel 2020 yilda Isroilning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan. U O‘zbekistonga kelgunga qadar Isroil TIVda va turli xorijiy davlatlardagi elchixonalarda faoliyat olib borgan. Ingliz, ispan va nemis tillarini biladi.
Mashhura Otajonova
Buvayda tumanidagi 16-umumta'lim maktabi o'qituvchisi








