Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Unda tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Kecha, 7-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlariga investisiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, tovarlarni eksportga yetkazishda logistika masalalarini tezkor hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbari ichki iste’mol bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash masalalalariga alohida to‘xtaldi.
Joriy yilning ikki oyida inflyatsiya darajasi 1,38 foizni tashkil etgani, bu 2021 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (1,7 foiz) pastligi qayd etildi.
Ayni paytda global bozorlardagi narxlarning keskin tebranishini hisobga olib, mutasaddi idoralar va hududlar rahbarlariga ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, eng avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.
Prezident tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun aholiga qo‘shimcha 80 ming gektar yer maydonlari ajratish borasidagi ishlarga tanqidiy baho berdi.
Shuningdek, meva-sabzavotchilik uchun ajratilgan 2 trillion so‘m davlat mablag‘larining natijadorligini oshirish, ularni o‘zlashtirishni tezlashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Hududlar rahbarlariga oziq-ovqat bozoriga mahsulotlarni uzluksiz yetkazish, buning uchun zarur zaxiralarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.








