Sog‘liqni saqlash vaziri bemor xotin-qizlar holidan xabar oldi
Shifoxonada davolanayotgan ayollarga vazirlikning bayram sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, u yerda davolanayotgan xotin-qizlar holidan xabar oldi.
Tashrif davomida bemor ayollar bilan suhbatlashib, ularni go‘zallik va nafosat bayrami bilan samimiy qutladi. Yurtimizda xotin-qizlar salomatligini asrash davlatimizning alohida e’tiborida ekanini ta’kidlab, ularga xastalikdan tezroq sog‘ayib ketishlarini tiladi. Shundan so‘ng ayollarga vazirlikning bayram sovg‘alari topshirildi.
— Xotin-qizlarni e’zozlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish barchamizning burchimiz, — deydi vazir. — Prezidentimiz ta’kidlaganidek, onani, ayolni rozi qilsak, xalq bizdan rozi bo‘ladi. Shu sababli bu yerda davolanayotgan har bir bemor, ayniqsa, ushbu dardga chalingan opa-singillarimiz biz uchun aziz va qadrli. Ularning xastalikdan tezroq sog‘ayishi va oilasi bag‘riga qaytishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz.
Vazir tashrif davomida muassasada faoliyat olib borayotgan shifokor va hamshira opa-singillarimiz bilan ham uchrashib, ularni bayram bilan samimiy tabrikladi va sharafli hamda mas’uliyatli vazifalarida zafarlar tiladi. Qolaversa, bu yerda davolanayotgan bemorlar, xususan, xotin-qizlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.








