Rossiyadan AQSHga javob sanksiyalari eʼlon qilindi
Jo Bayden va uning o‘g‘li qora ro‘yxatda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSHga qarshi javob sanksiyalarini eʼlon qildi, u qator rasmiylar, jumladan, prezident Jo Baydenga ham tegishli.
“Rossiya Federatsiyasining yuqori mansabdor shaxslari uchun boshqa narsalar qatori AQSHga kirishni taqiqlovchi bir qator misli ko‘rilmagan sanksiyalarga javoban Prezident J. Bayden, Davlat kotibi E. Blinken, Mudofaa vaziri L. Ostin va shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi M.Milli, shuningdek, qator bo‘lim boshliqlari va Amerikaning taniqli arboblari ro‘yhatga kiritilgan”, - deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Rossiya TIV AQSH bilan rasmiy munosabatlarni davom ettirishdan bosh tortmasliklarini ham maʼlum qildi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganlar orasida quydagi shaxslar ham bor:
Jeykob Sallivan — AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi;
Uilyam Berns — Markaziy razvedka boshqarmasi direktori;
Jennifer Psaki — Oq uy matbuot kotibi;
Duleyep Singx — AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari;
Samanta Pauyer — Xalqaro taraqqiyot agentligi direktori;
Xanter Bayden — AQSH prezidentining o‘g‘li;
Hillari Klinton — AQSH prezidentligiga sobiq nomzod;
Adewail Adeyemo — Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “rusofobik yoki Rossiyaga nisbatan nafrat uyg‘otish va cheklovchi choralarni qo‘llashga hissa qo‘shadigan” AQSHning yuqori lavozimli amaldorlari, harbiylari, qonun chiqaruvchilari, ishbilarmonlari, ekspertlari va ommaviy axborot vositalari xodimlarining sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirishga vaʼda berdi.







