Rossiya tomonidan shakar eksportining to‘xtatilishi O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bozorlardagi narx bo‘yicha izoh berdi.

Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganligining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘q. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Xorazm shakar” va “Angren shakar” MCHJlarida joriy yil 15 mart holatiga 260 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud. Shundan, omborda 40 ming tonna tayyor shakar va 32 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 178 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Shunday bo‘lsa ham, qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan birja savdolariga kunlik qo‘yiladigan hajm o‘rtacha 30 foizga oshirilmoqda. Bundan tashqari, respublika aholisiga shakar mahsuloti yetarli miqdorda va maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida Hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda “Elga xizmat” rastalarida maqbul narxda shakar sotish topshiriqlari berilmoqda.








