Jo Bayden kelasi haftada Yevropaga keladi, ammo Ukrainaga tashrifni rejalashtirmagan
Safar Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlash uchun jahon hamjamiyatini birlashtirishni davom ettirishga bagʻishlanadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden kelasi hafta Yevropaga tashrif buyuradi. Safar doirasida Ukrainaga borish rejalashtirilmagan. Bu haqda AQSHning BMTdagi vakili Linda Tomas-Grinfild xabar berdi.
"Bilishimcha, bunday rejalar yo‘q. Prezident Yevropaga ketmoqda, u yerda bizning hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz bilan uchrashadi. Prezidentning Ukrainaga safari haqida hech qanday muhokamani ko‘rmadim. Amerikaliklar bunday sayohatlardan voz kechishlari kerak. Mamlakat urush holatida. Hozirgi sharoitda Kiyevga tashrifni tassavur qilib ham bo'lmaydi"— dedi u.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ham Baydenning Ukrainaga tashrif buyurishi rejalashtirilmaganini aytdi.
"Prezidentning Yevropaga safarining qoʻshimcha tafsilotlarini keyinroq eʼlon qilamiz. Safar Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlash uchun dunyoni birlashtirishni davom ettirishga bagʻishlanadi, biroq Ukrainaga tashrif buyurish rejalari yoʻq", - dedi Psaki ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.








