Maktab va bog‘chalarga ham Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan xizmat ko‘rsatilishi belgilandi
Bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

18-mart kuni “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-avgustdan bosqichma-bosqich Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan tuman darajasidagi quyidagi idoralarga yuridik xizmat ko‘rsatiladi:
– mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi;
– qishloq xo‘jaligi bo‘limi;
– turizm va madaniy meros bo‘limi;
– sportni rivojlantirish bo‘limi;
– oila va xotin-qizlar bo‘limi;
– davlat soliq inspeksiyasi;
– aholi bandligiga ko‘maklashish markazi;
– davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari;
– davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
– davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar.
2022-yil 1-maygacha “E-huquqshunos” elektron tizimini texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va maslahatlar berib borish maqsadida “call-markaz” tashkil qilinadi.
2022-yil 1-dekabrgacha viloyat darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari hamda hokimliklarga Markazlar tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.








