Jonson Rossiya oltin zaxiralariga cheklovni kuchaytirishni taklif qildi
Shuningdek, u Zelenskiy bilan uchrashmoqchi.

G‘arb Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishi kerak. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson maʼlum qildi.
“Ko‘proq ishlashimiz kerak. Ayniqsa, iqtisodiy sohada. Masalan, biz uning (Vladimir Putin) nafaqat valyuta, balki oltin zaxiralaridan foydalanishni yana-da cheklab qo‘yishimiz mumkin. Bundan tashqari, SWIFT tizimiga aloqador sanksiyalarni kuchaytirish uchun yana nima qila olamiz? Ukrainaga harbiy yordamni ko‘paytirishimiz lozim”, — degan Jonson LBC radiostansiyasiga bergan intervyusida.
Uning fikricha, qanchalik kuchli bosim o‘tkazilsa, urushning shunchalik tez yakunlashishiga erishiladi.
Avvalroq AQSH Rossiya deputatlariga qarshi yangi sanksiya joriy etishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







