Shavkat Mirziyoyev Binali Yildirimni qabul qildi
Uchrashuvda turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.

Bugun, 24 mart kuni Shavkat Mirziyoyev Xalqaro investisiya forumi doirasida mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari Binali Yildirimni qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv avvalida Binali Yildirim davlat rahbariga Turkiya prezidentining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. Davlat rahbari O‘zbekiston–Turkiya strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etgan. O‘zaro savdo hajmlari ortayotgani, zamonaviy sanoatni barpo etish va infratuzilmani modernizasiya qilish bo‘yicha yirik investisiya loyihalari amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanayotgani aytilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi Strategik sheriklik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan. 2021 yil noyabr oyida tashkilotning Istanbul sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Savdo, transport va logistika, sanoat kooperasiyasi, "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish, innovasiyalar va yuqori texnologiyalar transferi kabi sohalardagi qo‘shma tashabbus va loyihalarni ilgari surish shular jumlasidan. Mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.








