O‘zbekistonda aprel oyida 1700 ta tibbiyot punkti tashkil etiladi
Bu haqda Prezident boshchiligidagi videoselektorda ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi bugungi videoselektorda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar kun tartibiga qo‘yildi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasida aprel oyida quyidagi ishlar amalga oshirilishi belgilandi:
— 1 million nafar xavf guruhiga kiruvchilar, 700 ming nafar bolalar va 100 ming nafar homilador ayollar maqsadli skriningdan o‘tkaziladi;
— har bir oilaviy poliklinikada kunduzgi stasionarlarni tashkil etish orqali tuman va shahar shifoxonalariga yotadigan bemorlarning navbati kamida 20 foizga qisqartiriladi;
— 26 ta oilaviy shifokorlik punkti to‘liq ta’mirlandi, zarur shtatlar, asbob-uskuna va dorilar bilan ta’minlanadi.
Umuman, yil yakuniga qadar jami 400 ta mahalla uchun bunday punktlar ochilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, aprel oyida olis hududlarda maxsus konteynerlardan foydalangan holda 1 ming 700 ta mahalla tibbiyot punktini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.








