Bosh prokuratura ish joyida vafot etgan xodimi oilasiga 1 milliardga yaqin kompensatsiya to‘laydi
Shu bilan birga maʼnaviy zarar ham undirilishi belgilandi.

2021 yilning 26 aprelida ish joyi (Bosh prokuratura binosi)da 33 yoshida vafot etgan sobiq xodim Samir Rahmonovning otasi Aʼzamjon Rahmonov Bosh prokuraturani sudga bergandi.
Daʼvogar A.Rahmonovning sudga javobgar Bosh prokuraturaga nisbatan boquvchisini vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va maʼnaviy zararni qoplash to‘g‘risidagi daʼvo arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud qarori eʼlon qilindi.
Toshkent shahar sudlari Matbuot xizmati bergan maʼlumotga ko‘ra, sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan daʼvogar A.Rahmonov vafot etgani sababli uning javobgarga nisbatan nafaqa pulini undirish va maʼnaviy zararni qoplash to‘g‘risidagi daʼvo arizasi ish yurituvidan tugatilgan.
Sudning tashabbusi bilan daʼvogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan N.Rahmonova sudga javobgar Bosh prokuraturaga nisbatan turmush o‘rtog‘ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga yetmagan farzandlari va o‘zi uchun nafaqa, sug‘urta tovoni va maʼnaviy zarar undirish to‘g‘risidagi daʼvo arizasi bilan qayta murojaat qilgan.
Maʼlum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi yakuniy qaroriga asosan N.Rahmonovaning javobgar Bosh prokuraturaga nisbatan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan.
Javobgardan N.Rahmonovaning foydasiga 951 275 952 so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so‘m miqdorida maʼnaviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 642 076 so‘m davlat boji to‘lanishi belgilandi.







