Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi
Uchrashuvda asosiy e’tibor strategik sherikchilikni rivojlantirish masalalariga qaratilgan.

Bugun, 29-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tor doirada muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yetakchilar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashgan.
Uchrashuvda asosiy e’tibor strategik sheriklik munosabatlar darajasini yuksaltirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashgan. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an kooperasiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish orqali savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining muhim yo‘nalishi ekanini qayd etishgan.
Shuningdek, mamlakatlarning katta salohiyati va imkoniyatlarini, shu jumladan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mexanizmidan faol foydalanish orqali ro‘yobga chiqarish zarurligi ta’kidlangan.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashar ekanlar, mamlakatlarimizning pozisiyalari o‘xshash ekanini qayd etgan. Ko‘p tomonlama xalqaro institutlar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishga kelishib olingan.








