Prezident barcha hokimlarga qo‘shimcha xarajatlarni chekladi
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, hudud va tarmoq xarajatlari 10 trln so‘mga qisqartiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi vileoselektor yig‘ilishida iqtisodiy kompleks rahbarlariga makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo‘yicha ta’sirchan choralarni davom ettirishga ko‘rsatma berildi.
Buning uchun hudud va tarmoq xarajatlarini 10 trillion so‘mga qisqartirish talab etiladi.
Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:
- moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;
- bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqladi.
Bosh prokuraturaga byudjet tashkilotlarida ushbu xarajatlarning oldini olish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish va viloyat kesimida har hafta Prezidentga axborot berish topshirildi.
“Bu – mablag‘lar olib qo‘yiladi, degani emas. Barcha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu hudud va tarmoqning rivojlantirish dasturiga yo‘naltiriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.








