O‘zbekiston Qirg‘izistondagi yirik loyihaga investitsiya kiritishi mumkin
Uning miqdori may oyida eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Qirg‘izistonda may-iyun oylarida Qambar-Ota GES-1 qurilishi boshlanadi. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Doskul Bekmurzayev maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi 40-50 yildagi eng yirik loyiha bo‘ladi. GES suv omborida 5 milliard kubometr suv to‘planishi mumkin.
Bekmurzayev qurilishda O‘zbekiston va Qozog‘iston ham ishtirok etishini qo‘shimcha qildi. Ammo ular kiritadigan investitsiya miqdori hozircha maʼlum emas. Vazir bu bo‘yicha may oyida aniq kelishuvga erishilishini qayd etgan.
Qambar-Ota GES-1 Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida, Norin daryosida quriladi.
Avvalroq Surxondaryoda yangi IES qurilishiga start berilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.







