Kiyevga Yevropa rahbarlari keladi
Shuningdek, 9 aprel kuni Varshavada Ukraina bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va Yevroittifoqning bosh diplomati Jozep Borrel Kiyevga keladi. Bu haqda Yevrokomissiya rasmiy vakili Erik Mamer maʼlum qildi.
Tashrif shu haftada bo‘lishi kutilmoqda.
“Fon der Lyayen va oliy komissiar Borrel Kiyevga shanba kungi Varshavadagi donor davlatlar tadbiridan oldin Vladimir Zelenskiy bilan uchrashish uchun boradi”, – deb yozgan Mamer o‘z Twitter sahifasida.
BBC‘ning qayd etishicha, Fon der Lyayen va Borrel urush boshlangandan buyon Kiyevga tashrif buyuradigan eng oliy martabali siyosatchilar bo‘ladi.
Yevroittifoq va Kanada 9 aprel kuni Varshavada donor davlatlarning “Ukraina bilan birga bo‘l” nomli xalqaro konferensiya o‘tkazadi.
Avvalroq YEI Ukrainaga 17 milliard yevro yordam ajratishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







