Zangiota tuman hokim yordamchisi pora bilan ushlandi
U xususiy tadbirkordan 15, 5 ming dollar pora olgan.

Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi va tuman kadastr bo‘limi sobiq xodimi 15 500 AQSH dollari miqdorida pora bilan qo’lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ular o’zaro til biriktirib, xususiy tadbirkorga “Mevazor” MFYda joylashgan 8 sotix yer maydonida turar-joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olib berish hamda kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2021 yil davomida jami 15 500 AQSH dollarini qo‘lga kiritib, yana 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Zangiota tuman hokimining o‘rinbosari Jasur Usmonaliyevga Jinoyat kodeksining 167, 205 va 209-moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qidiruvga berilgani xabar qilingandi.








