Toshkentda nevarasini yashirgan bobo va buvi qidiruvga berildi
Ular nabirasini uning otasiga bermaslik uchun shunday qilishgan.

Toshkentda nabirasini yashirgan bobo va buvi (er-xotin Asqarxodjayevlar) Majburiy ijro byurosining poytaxt boshqarmasi tomonidan qidirilmoqda.
Xabar qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2020-yil 25-noyabr kungi ijro varaqasiga asosan, er-xotin Asqarxodjayevlardan voyaga yetmagan nabirasini da’vogar F. Alimov (voyaga yetmagan bolaning otasi) tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.
Ijrochilarning tushuntirishiga qaramay javobgarlar tomonidan sud qarori ijrosi haligacha ta’minlanmagan. Hatto sud qarorida belgilangan majburiyatni bajarmaganligi uchun ma’muriy jarima solinishi ham vaziyatni o‘zgartirmagan.
Ayni paytda javobgar va uning nabirasini topib bo‘lmay qolgan va O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 42-moddasiga asosan bolaga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan qidiruv ishlari olib borilmoqda.








