Katta yurakli singil
Seni jondan yaxshi ko‘rib, umidlantiradigan yaqinlaring borligi cheksiz baxtdir!

“Singlim Daun sindromi bilan dunyoga kelgan. Chaqaloqligida onam meni yetaklab singlimni toza havoda aylantirishga ko‘p olib chiqardi. O‘shanda qo‘ni-qo‘shni “Nega qizingizning boshi buncha katta?” deb so‘rashardi. O‘zim ham bola edim, Lolaning kasalligini tushunmasdan uning boshiga qiziqardim. Shu bilan birga, men uni judayam yaxshi ko‘rardim. Onam uni ko‘-o‘-o‘-o‘p yaxshi ko‘rsak, tuzalib ketishini aytardi-da.
Singlim maktabga bora boshlagach, ancha o‘zgardi. Ayniqsa, sportga qiziqishi ortdi. Yengil atletika bo‘yicha jahon musobaqalarida qatnashganida esa ham havasim keldi, ham u bilan faxrlandim. O‘rtoqlarim “Singling Amerikaga borgan-a?” deyishsa, rasmlarini ko‘z-ko‘z qilishga tushib ketardim. Lola faxr tuyg‘usi bilan birga menga katta saboq berdi.
O‘n besh yoshimda bir-ikki sinfdosh yigitga qo‘shilib cheka boshladim. Dam olish kuni tamakining xumori tutdi. Uyimizning orqa tomoniga o‘tib ota-onamdan yashirincha sigaretani o‘t oldirdim. Bir oyog‘imni devorga tirab, oliftalanib og‘zimdan tutun chiqarib turganimda Lolaning ovozi eshitildi:
— Aka, mengayam bering, — dedi u erkalangacha boshini bir tomonga qayirib.
Shosha-pisha sigaretani oyog‘im ostiga tashlab ezdim.
— Bering, — u qo‘llarini cho‘zdi.
— Bu yomon narsa, — dedim uni yig‘lagudek bo‘lib turganini ko‘rib.
— Yomon narsa bo‘lsa, boshqa qo‘lingizga olmang, — singlim o‘z tilida so‘zladi.
Sirim oshkor bo‘lib qolishidan cho‘chib, uning ro‘parasiga cho‘kkaladim-da, yelkalaridan ushladim.
— Oyim bilsa, xafa bo‘ladi...
— Oyimni xafa qimiymiz-a, aka, — deya u meni quchib oldi.
Uning meni qattiq quchib olganidan mehrini his qilib, o‘zimni kuchli bir himoyadagidek sezdim.
— Endi sizniyam Amerikaga op ketaman, samolyotda, — dedi qo‘llari bilan osmonlarni ko‘rsatib.
Lolaning va’dasi amalga oshdi. Keyingi gal musobaqada qatnashayotganida men ham unga hamrohliq qildim. Sevimli jamoam to‘p suradigan mamlakatni ko‘rdim.
Seni jondan yaxshi ko‘rib, umidlantiradigan yaqinlaring borligi cheksiz baxtdir!”
Muallif: Shoira Shagiahmedova








