O‘zbekistonda vodiy viloyatlari uchun yangi xalqaro aeroport qurish taklif qilindi
Shavkat Mirziyoyev transport sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Bugun, 11 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston rivojlangani sari fuqarolar harakatchanligi, xalqaro aloqalar ko‘lami ham oshib bormoqda. Bu talabga mos ravishda avtomobil, temir yo‘l va havo transporti imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Xususan, Davlat rahbarining 2021 yil 30 apreldagi qaroriga muvofiq, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari transformasiya qilinmoqda.
2021 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatdagi aeroportlar orqali 5 million 400 ming yo‘lovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan.
Shu bilan birga, Samarqand xalqaro aeroporti yangidan qurilib, ishga tushirildi. Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali rekonstruksiya qilinib, o‘tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Qarshi aeroportining uchish zali yangilandi.
Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida aeroportlarni 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan.
Taqdimotda ushbu strategiyani 2026 yilgacha amalga oshirish dasturi muhokama qilingan.
Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Toshkent xalqaro aeroportini modernizasiya qilish orqali yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini soatiga 2 ming 400 nafarga oshirish, ro‘yxatdan o‘tish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yo‘laklarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari aeroport xodimlarining dunyoqarashi va malakasini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini qisqartirish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona vodiysidagi uchta – Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda.
Taqdimotda “Toshkent-Sharqiy” aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilingan. Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari haqida ma’lumot berilgan.
Prezident aeroportlarda xizmatlarni ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, narxlarning ommabopligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimini yangilash va qamrovini oshirishga oid rejalar ham ko‘rib chiqilgan.
Davlat yetakchisi issiqlik hosil qilish va undan foydalanish tizimini raqamlashtirish, sohada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.








