Usta ota
Inson o‘z xatolarini to‘g‘irlashi, kechirishi mumkin, ammo bolasining qilmishlari uchun bir umr o‘zini ayblab yasharkan.

“Bu insonni ko‘p eslayman. Kamsuqum, odmigina odam. Maktabimizning birinchi qavatidagi eng chekka, ko‘zdan pana xona Akrom akaniki edi. O‘g‘il bolalar fizika to‘garigiga qatnashar, biz esa tomosha uchun borardik. Televizor, turli radiolar, mikrofon, yana nimadirlar bo‘lardi.
Bir kech opam bilan kichkinagina radiomizni “Mening boshim uchida tursin”, deya tortishib, qo‘limizdan tushirib yubordik. Dahshat! Endi qanday yashaymiz?! Ikkimiz ham tortishuvdan to‘xtab, xonishi o‘chgan qora qutiga termulib turardik. Xayolimga kelgan choradan xursand bo‘lib ketdim: “Akrom aka tuzatoladi!”
Ertasiga radioni maktab sumkamga solib, olib bordim. Birpasda eng katta boyligimizning ovozi yangray boshladi va radio doim men tomonda turadigan bo‘ldi! Shu-shu Akrom aka qahramonga aylandi men uchun! Oradan bir yil o‘tib, to‘ng‘ich o‘g‘li qabih ishga qo‘l urib qo‘ydi. Otaning sochlari bir kunda oqardi, qaddi bukildi. Fizika darsida sinfdosh bolalar savol berdi: “Ustoz, siz hamma narsani tuzatib bilasizmi?”. Akrom akaning “yo‘q”, degan javobidan hayratim oshdi. Axir bunaqamas-ku! U xo‘rsinib gapirishda davom etdi: “Bolalarimning xatosidan boshqa hamma narsani tuzata olaman, afsus...”
Endi-endi anglayapman, inson o‘z xatolarini to‘g‘irlashi, kechirishi mumkin, ammo bolasining qilmishlari uchun bir umr o‘zini ayblab yasharkan... Xatolardan saqlanaylik... Ota-onalarimiz uchun ham...”
Muallif: Shoira Shagiahmedova








