Samarqandda elektr ta’minoti korxonasi rahbari fuqaro tomonidan pichoqlandi
Zamon.uz muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda.

Xabar qilinishicha, voqea kecha, 12-aprel kuni soat 18.15 da Kattaqo‘rg‘on tumani “Kadan” mahallasi hududidagi “Qoradaryo” elektr tarmoqlari korxonasi binosida sodir bo‘lgan.
Tumanning “Saroyqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi fuqaro korxona rahbari bilan gaplashish uchun kelib, undan elektr ta’minotidagi uzilishi sababini so‘ragan. Shu joyda ular o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Shundan so‘ng fuqaro o‘zi bilan yonida olib kelgan pichoq bilan rahbarga tashlanib, uning bo‘yin-yelka sohasiga bir marotaba zarba bergan. Oqibatda korxona rahbari tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi (xizmat burchini bajarayotgan shaxsga sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib, qasddan badaniga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro prosessual tartibda ushlangan.








