Jonson Hindistonga bormoqchi
U Dehli bilan erkin savdo bo‘yicha kelishuvni muhokama qiladi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 21-22 aprel kunlari Hindistonga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda Aaj Tak telekanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, Jonson Nyu-Dehliga tashrifi vaqtida “2+2” formatida (mudofaa va tashqi ishlar vazirlari) uchrashuv o‘tkazishni taklif qilmoqchi. Hozirga qadar Hindiston faqatgina strategik hamkorlari – AQSH, Avstraliya, Yaponiya va Rossiya bilan shunday uchrashuv o‘tkazgan.
Bundan tashqari, Britaniya bosh vaziri hindistonlik hamkasbi Narendra Modi bilan erkin savdo to‘g‘risida kelishuv masalasini muhokama qiladi. Bu kelishuv ikki davlat savdo aylanmasini 1.4 milliard dollarga yetkazishi mumkin.
Avvalroq Hindiston AQSH bilan “2+2” formatida uchrashuv o‘tkazgan edi.







