“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi transformatsiya qilinadi
Prezident kompaniyaning operatsion xarajatlari va tannarxini 15 foizga qisqartirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bugun, 14 aprel kuni Prezident huzurida Axborot texnologiyalari vazirligining faoliyati va 2022 yildagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Shavkat Mirziyoyev “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasini transfomasiya qilishi masaslasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
“O‘zbektelekom” jahonning nufuzli aloqa kompaniyalariga o‘xshab, davlatga yuqori daromad keltiruvchi, sifatli xizmatlarni eksport qiluvchi, yuqori texnologik, daromadli va namunali kompaniya bo‘lishi kerak”, dedi davlat rahbari.
Joriy yilda kompaniyaning operasion xarajatlari va tannarxini 15 foizga qisqartirish, iyul oyida xalqaro reyting olishini ta’minlash va kelgusi yil martda kompaniyani IPOga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda hozirgi murakkab vaziyatda kiberxavfsizlik masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Joriy yil birinchi chorakning o‘zida axborot tizimlariga chetdan 200 tadan ortiq kiberhujum uyushtirilgan.
“Shuning uchun bugun kiberxavfsizlik to‘g‘risida Qonunni imzoladim. Bu yangi qonun hozirgi zamon tahdidlariga qarshi kurashish uchun huquqiy asos bo‘ladi”, dedi Prezident.








