Toshkentda maktab o‘quvchilari o‘rtasida janjal kelib chiqdi
Hozirda ularning ota-onasi javobgarlikka tortilgan.

Ijtimoiy tarmoqda ikki maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi janjal aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 15-aprel kuni soat 15.00 da Mirobod tumanida 14 yoshli yigit o‘z tengquriga telefon qiladi va muloqot vaqtida o‘zaro janjallashib qoladi. Ikki voyaga yetmagan shaxs mazkur holatga oydinlik kiritish uchun “Yuksalish” mahallasi hududida uchrashadi va janjallashib ketadi. Mojaro oqibatidan ulardan biri tan jarohati olgan.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va ota-onalar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.








