Toshkentda noqonuniy yer sotuvchi shaxslar ushlandi
Bu jinoyatda ham hokim yordamchisining qo‘li bor.

15 aprel kuni Bosh prokuratura, IIV Yer resurslarini talon toroj qilinishini oldini olish bo‘limi va Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Bo‘stonliq tumani hokimining tegishli qarori bilan “M.B.B.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 30 mln AQSH dollari miqdorida investision loyihani amalga oshirish sharti bilan maktabgacha ta’lim muassasasi va savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishi uchun 40 gektar yer maydoni ajratilgan.
Biroq, MCHJ mansabdor shaxslari bugungi kunga qadar ushbu yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirmasdan “Elmurod” ismli shaxs orqali 3 mln AQSH dollariga sotayotganligi haqida tezkor ma’lumot olingan.
Tadbir davomida 40 gektar yer maydoniga egalik huquqi bo‘lmagan to‘rt nafar tadbirkor hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokim yordamchisi fuqaroga 3 mln AQSH dollari evaziga sotishga kelishib, oldindan 180 ming AQSH dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








