Hindiston Rossiyadan harbiy vertolyot sotib olishni to‘xtatdi
Ammo bu qaror Ukrainadagi urush bilan bog‘liq emas.

Hindiston Rossiyadan 48 ta “Mi-17V5” rusumli harbiy vertolyotlarini sotib olishdan bosh tortdi. Bu haqda “India Today” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu qaror Ukrainadagi urush bilan bog‘liq emas. Qaror urush boshlanishidan ancha oldin Bosh vazir Narendra Modi tomonidan imzolangan “Make in India” milliy dasturini qo‘llab-quvvatlash dasturiga kiritilgan.
“Shartnomani yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Harbiy havo kuchlari mahalliy o‘rta ko‘taruvchi vertolyotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Hindiston bilan 80 ta “Mi-17” rusumli vertolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani 2011-yil iyun oyida imzolagan edi.
Avvalroq Germaniya Hindistonni Rossiya Federasiyasiga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagani uchun jazolashga tayyorligi xabar qilingandi. Hindiston Rossiya Federasiyasining BMT Inson huquqlari kengashidan chiqarilishi uchun ovoz berishda betaraf qolgan va sanksiyalar kiritmagan.








