Toshkentda noqonuniy boqilayotgan sher bolasi aniqlandi
Holat yuzasidan Ekologiya qo‘mitasi ma’lumot berdi.

16-aprel kuni Toshkent tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limiga shu tumanda yashovchi fuqaro o‘zi yashayotgan uy hovlisida Afrika sherining bolasini saqlayotgani va hech bir xavfsizlik qoidalariga amal qilinmay boqilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushgan.
Aytilgan manzilda o‘rganish olib borilganda ushbu xonadonda vaqtincha yashovchi 18 yoshli fuqaro Afrika sherining bolasini boqayotgani ma’lum bo‘lgan.
Fuqarodan ushbu sher bolasini olib kelish, saqlash kabi holatlar bo‘yicha kerakli hujjatlar so‘ralganda hech qanday hujjatlari yo‘qligini aytib, o‘zining qiziqishi tufayli hovlisida boqishini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilib, dalolatnomalar tuzilgan va vaqtincha saqlash uchun sher bolasi “STEPPE TURTLES” f/x pitomnigiga sud qarori qabul qilinguniga qadar topshirilgan.








