Toshkent viloyati markazida Koreya shaharchasi quriladi
Loyiha uchun 500 mln dollar investitsiya kiritiladi.

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Koreya-O‘zbekiston ishbilarmonlari uyushmasi (KUBA) raisi o‘rinbosari Kim Chan Kon bilan uchrashdi.
Unda “Nurafshon-Koreya yangi shahar loyihasi”ni amalga oshirish, ya’ni, shaharni rivojlantirish bo‘yicha tuzilma konsepsiyasi va rejalari xususida fikr almashildi.
Loyihada 150 gektar yer maydonida 500 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar kiritish hisobiga Janubiy Koreya tipida shaharcha bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Uning ro‘yobi 2022-2026 yillarni qamrab olishi belgilangan.
Loyiha doirasida 1 200 ta xonadonli ko‘p qavatli uy, Yong‘inga qarshi mutaxassislar tayyorlash texnikumi, Koreya xalqaro Universiteti, mehmonxona, savdo markazi, park, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari quriladi.
Viloyat hokimi tomonidan Koreya respublikasining ta’lim, farmasevtika, elektronika tizimidagi yutuqlar, yangiliklarni Toshkent viloyatida tatbiq etish borasida fikr bildirildi.
Xususan, viloyatda faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablaridagi pedagoglarning malakasini Koreya ta’limi tizimi yutuqlari asosida oshirish, Toshkent viloyati hamda Janubiy Koreyaning bir qator viloyatlari bilan birodar viloyat, viloyatdagi shaharlarni birodar shaharlarga aylantirish taklifi ham o‘rtaga tashlandi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.








