Inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin bo‘lmaydi — Shavkat Mirziyoyev
Prezident pora bilan ushlanayotgan hokim yordamchilari haqida gapirdi.

Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallabay ishlash tizimida kamchilikka yo‘l qo‘ygan hokim yordamchilari haqida gapirdi.
“Shu bilan birga, joylardagi ayrim hokim yordamchilari “kredit, subsidiya, yer olib beraman”, deb ta’magirlik qilayotgani ham juda achinarli holatdir”, — dedi Prezident.
Ma’lum qilinishicha, To‘raqo‘rg‘on tumani “Sharq” mahallasidagi hokim yordamchisi imtiyozli kreditga tavsiya berish uchun “pora” olayotganda ushlanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bu kabi holatlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Bo‘ka, Baxmal tumanlari, Marg‘ilon, Shirin shaharlarida ham mavjud.
“Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, respublika vakillari, Ubaydullayev va uning quyi tizimi rahbarlarini qat’iy ogohlantiraman. Odamlarni rozi qilish va inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin bo‘lmaydi”, dedi davlat rahbari.








