Namanganda “Spark” avtohalokatga uchradi
Hodisa oqibatida uch kishi shifoxonaga yuborilgan.

Bugun, 19-aprel kuni soat 09.00 atrofida “Jiydakapa–Uychi–Chortoq–Yangiqo‘rg‘on” avtomobil yo‘lining 17-kilometrida 3 ta avtomashina ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, dastlab “Spark” haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishdagi yuk mashinasining chap orqa yoniga borib urilgan. Shundan so‘ng yuk mashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarshisidan harakatlanib kelayotgan “VAZ–2106” rusumli transport vositasining chap orqa tomoniga shikast yetkazgan.
Hodisa oqibatida “Spark” haydovchisi va 2 nafar yo‘lovchi turli xil tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








