Jahongir Ortiqxo‘jayev “Oltin sher” mukofoti bilan taqdirlandi
Ma’lum qilinishicha, hokim tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlangan.

Bugun, 20 aprel kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida “Ekvium-O‘zbekiston” hamjamiyat vakolatxonasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tgan. Unda, shuningdek, 70 dan ortiq rossiyalik va 200 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar ishtirok etgan.
“Ekvium-O‘zbekiston” biznes klubi Jahongir Ortiqxo‘jayevni O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin sher” mukofoti bilan taqdirlagan.
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahriga Rossiya va Qozog‘istonning 18 ta hududidan 600 dan ortiq biznes asoschilari va tadbirkorlarini birlashtirgan “Ekvium” hamjamiyatining vakillaridan iborat delegasiyaning biznes-missiya maqsadidagi tashrifi amalga oshirilmoqda.
Hamjamiyatning yaqin kelajakdagi rejalari O‘zbekiston bozorini o‘rganish, mahalliy biznes-hamjamiyatlar va tadbirkorlar bilan o‘zaro aloqalarni shakllantirish, ishtirokchi kompaniyalar taqdim etayotgan xizmat va tovarlarning O‘zbekiston bozoridan o‘rin olishiga erishish hamda kelgusi savdo-investisiya hamkorligini rivojlantirish uchun sheriklarni izlash kabi vazifalardan iborat.








