SHHT davlatlari narkoagressiya va terrorizmning asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda
20-aprel kuni Toshkentda SHHT davlatlarining giyohvand moddalarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar rahbarlarining 12-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta’minlashda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash katta ahamiyatga ega. Bu borada mintaqa davlatlarining hamkorligini kuchaytirish va doimiy aloqalarni o‘rnatishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti shu aloqalar uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
2004-yil 17-iyun kuni Toshkentda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolangandi. Aynan shu shartnoma doirasida SHHT narkotik moddalarni nazorat qilish sohasida hamkorlikni amalga oshirmoqda.
20-aprel kuni tashkilot ishtirokchi-davlatlarining giyohvand moddalarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar rahbarlarining 12-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda narkotahdid bir necha bor kuchayganini ta’kidladi. Xususan, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MAT) direktori Ruslan Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro terrorizmning asosiy daromad manbalaridan biri narkotiklar savdosi bo‘lib qolmoqda.
Mirzayev Afg‘onistonning hamon giyohvand moddalar yetishtirishning asosiy markazi bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi.
“SHHT davlatlari narkoagressiya va terrorizmning asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda... Ularning har ikkisi ham bir plasdarmdan tahdid solyapti”, — dedi SHHT bosh kotibi o‘rinbosari.
Shuningdek, u “Tolibon”ning giyohvand moddalar yetishtirishga qarshi bayonotlarini “ehtiyotkor optimizm” uyg‘otayotganini qayd etdi.
Uchrashuv ishtirokchilaridan biri, Pokiston narkotik moddalarni nazorat qilish vazirligi vakili Muhammad Rashid Minxas Zamon.uz sayti bilan suhbatda narkobiznesga qarshi kurash haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Narkotiklar butun dunyo muammosi. Shu jumladan, Pokiston ham bu illatdan aziyat chekadi. Bizning davlatimiz hududidan asosan tranzit koridori sifatida foydalanishadi. Biz giyohvand moddalarga qarshi kurash uchun turli platformalarda ishtirok etamiz. Afg‘onistonning yangi hukumati bayonotlari amalga oshirilishiga umid bildiraman. Bu xavfga qarshi kurashga qarshi birgalikda kurashishimiz zarur. Giyohvand moddalar salomatlikka, ayniqsa, yosh avlodga katta tahdid”, — dedi u.
Uchrashuv yakunida qo‘shma protokol imzolandi. Shuningdek, navbatdagi yig‘ilish 2023-yilda Hindistonda bo‘lib o‘tishi belgilandi.








