Samarqandda Тurkologiya ilmiy-tadqiqot instituti ochildi
Shuningdek, SamDU tarkibida xalqaro til o‘rgatish markazi faoliyat boshladi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekistondagi ilk Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda xalqaro standartlar darajasida xorijiy til o‘rgatiladigan til markazi faoliyat boshladi.
Mazkur institut O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida imzolangan “Abadiy do‘stlik haqida”gi hamda ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik shartnomalari, xususan, Samarqand davlat universitetining Istanbul, Anqara, Marmara singari yigirmaga yaqin universitetlar bilan tuzgan akademik va ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha aloqalari mahsuli sifatida tashkil etildi.
Uning moddiy-texnik bazasi Turkiya Respublikasining hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tomonidan moliyalashtirildi.
Institut faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, uning ma’naviy-madaniy fondini boyitish uchun Turkiyadan 8 mingdan ziyod kitob olib kelinadi.
Ingliz, nemis, venger tillaridagi bu ilmiy va o‘quv adabiyotlar qatoriga Samarqand davlat universiteti tayanch kutubxonasi fondlaridagi 1000 dan ziyod o‘zbek va rus tillaridagi adabiyotlar qo‘shiladi.








