Jizzaxda “Neksiya” haydovchisi avtohalokatga uchrab vafot etdi
“Neksiya”ga to‘qnashgan “Lacetti” egasi mashina ichida qisilib qolgan.

Kecha, 23-aprel kuni soat 13:40 atrofida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida ikkita avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Gagarin-Jizzax” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishdagi “Lacetti” bilan to‘qnashib ketgan.
Voqea joyiga qutqaruvchilar bo‘linmasi yetib borib, “Lacetti” salonida qisilib qolgan haydovchini maxsus uskunalar yordamida chiqarib olishgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Neksiya” haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Yana uch nafar fuqaro Mirzacho‘l tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.








