O‘zbekistonda “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tadi
Tadbirda 30 dan ortiq davlatdan mehmonlar ishtirok etishi kutilyapti.

25-30-aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, festival doirasida raqs san’atiga bag‘ishlangan ko‘rgazma pavilonlari, milliy cholg‘u asboblari va liboslari, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda ularni Ichan-qal’a majmuasi hududida savdo qilish tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Lazgi” Xorazm raqsi O‘zbekiston madaniy merosining elementi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqdagi qaror 2019-yil 12-dekabrda YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 14-sessiyasida qabul qilingan.








