Sirdaryodan Forishga insonparvarlik ko‘magi jo‘natildi
Yuborilgan yordam Egizbuloq mahallasidagi 15-maktabda to‘planib, aholiga tarqatiladi.

Jizzax viloyatining bir nechta tumanlarida kelgan seldan Forish tumanining Egizbuloq mahallasi eng ko‘p jabr ko‘rgan. Hozir u yerda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Egizbuloq mahallasiga viloyatdagi barcha tumanlar, viloyat va tuman korxona, tashkilot, muassasalari, mahallalardan gumanitar yordam kelishi davom etmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyati aholisi jabr ko‘rgan Forish xalqiga turli oziq-ovqat mahsulotlari, ko‘rpa-to‘shak jamlanmasidan iborat insonparvarlik yordami jo‘natgan.
Insonparvarlik yordami mahalladagi 15-umumta’lim maktabiga to‘planib, seldan talofat ko‘rgan mahalla aholisiga yetkazib berilyapti.
Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, Gʻallaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuzatilgan sel oqibatida besh kishi qurbon bo‘lgan edi.








