Samarqandda psixotrop dori sotayotgan shaxslar ushlandi
Ular salkam 8 ming dollarlik savdo ustida qo‘lga tushgan.

Samarqand shahrida 7900 AQSH dollarlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati.
Qayd etilishicha, Departament hamda DXX hamkorligida Samarqand shahrining “Chashma” MFY hududida joylashgan mehmonxonada tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda ikki nafar fuqaro 4892 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini jami 7900 AQSH dollariga sotishga kelishib, 7500 AQSH dollari va 4,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrining “Termiz” ko‘chasida qariyb 5 ming dona psixotrop modda aniqlangandi.








