Shavkat Mirziyoyev Belarus Bosh vazirini qabul qildi
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Bugun, 25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasida Belarus delegasiyasiga boshchilik qilayotgan Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenkoni qabul qildi.
Uchrashuvda 2019 yilning avgust oyida Belarusga qilingan oliy darajadagi tashrifda erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali hamkorligi rivojida yuqori sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib, joriy yil boshidan buyon 57 foizga oshdi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperasiyasi kengayib bormoqda.
Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mutanosibligini ta’minlash, jumladan, bunga qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish, savdo uylari tarmog‘ini rivojlantirish orqali erishishga alohida e’tibor qaratildi.
Mashinasozlik, elektrotexnika, farmasevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Hududlararo hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovasion dasturlar va madaniy-gumanitar almashinuvni birgalikda qo‘llab-quvvatlash istiqbollari ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari tomonidan “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi yuzasidan kelishuvga erishildi.








