Turkiya Qora dengizda barqarorlikni saqlab qolishdan manfaatdor – Xulusi Akar
Turkiya mudofaa vaziri dengizda begona davlatlar harbiy kemalari yo‘qligini maʼlum qildi.

Turkiya NATOdagi ittifoqchilarini Qora dengizdagi vaziyatni keskinlashishidan asrashga harakat qiladi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Xulusi Akar maʼlum qildi.
“NATOning Qora dengizga kirib-chiqishi qo‘shimcha nozik vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Dengizda barqarorlikni saqlash uchun bizning taklifimiz bor. Biz vahimaga berilmaslikka va sovuqqonlikni saqlab qolishga chaqiramiz. Noto‘g‘ri maʼlumotlar anglashilmovchilikka sabab bo‘lishi mumkin”, – degan u Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida.
Akarning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Qora dengizda uning atrofida joylashmagan davlatlarning harbiy kemalari yo‘q.
“Biz mintaqaviy xususiylik tamoyili buzilishini istamaymiz. Agar bu yerda muvozanat buzilsa, jarayonning nazoratdan chiqib ketishi ehtimoli katta. Qora dengizni raqobat muhitiga olib kirmaslik kerak”, – deb qayd etgan vazir.
Avvalroq Turkiya Tojikiston bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







