Qashqadaryoda fuqaro YPX xodimining pagoni va bodi-kamerasini yulib oldi
Chiroqchilik bir guruh fuqarolar YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatdi.

Ijtimoiy tarmoqda qashqadaryolik fuqarolar YPX mashinasini qurshab olib, xodimlarni tortib chiqarishga urinayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea bugun, 26-aprel kuni soat 17.00 atrofida Chiroqchi tumani markazidagi dehqon bozori atrofida yuz bergan.
Bozor atrofida tuman IIB YHXB inspektorlari jamoat tartibini saqlash va avtomashinalar tirbandligini oldini olish maqsadida patrul maxsus avtomashinasining ovoz kuchaytirgich moslamasi bilan xizmat olib borgan.
Shu jarayonda fuqarolar xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Fuqarolardan biri patrul avtomashinasining old o‘rindig‘ida bo‘lgan YPX katta inspektori B. Karimovning xizmat kiyimidagi pagoni, bodi kamerasi va ko‘krak nishonini yulib olgan.
Shundan so‘ng qo‘shimcha kuchlar chaqirtirilib, jamoat tartibi tiklangan.
YPX xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan 4 nafar fuqaroning shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumon qilinuvchilarning uch nafari Jinoyat prosessual kodeksining 221-moddasi bilan ushlanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda








