Jizzaxdagi kuchli sel 100 dan ortiq qabrni oqizib ketdi
Hududda yuqumli kasallik tarqalishi bo‘yicha o‘tkazilgan laboratoriya xulosalari e’lon qilindi.

Joriy yilning 20-aprel kuni Jizzax viloyatida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Forish tumani Egizbuloq qishlog‘ining Bog‘iston va Cho‘lpon ko‘chalarida joylashgan aholi turar-joylari sel oqimlaridan zarar ko‘rdi. Viloyat FVV hududdagi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, sel suvlarining bir qismi mazkur qishloqning yuqori qismida joylashgan “Boyqo‘chqor ota” qabristonidagi 100 dan ortiq qabrlarga ham ziyon yetkazgan.
Egizbuloq qishlog‘ida tashkil etilgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish shtabi tomonidan hududda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi hamda zaharlanish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bilan hamkorlikda barcha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Jumladan, Forish tumani obodonlashtirish boshqarmasining 95 nafar xodimlari tomonidan “Boyqo‘chqor ota” qabristonida zarar ko‘rgan 62 ta qabrdagi jasadlar sanitariya qoidalariga muvofiq qayta ko‘milib, zararsizlantirish ishlari bajarilgan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining 32 ta xodimi va 3 ta maxsus texnikasi yordamida qabriston va uning atrofi hamda hayvon jasadlari ko‘milgan joylar to‘liq dezinfeksiya qilingan.
“Boyqo‘chqor ota” qabristonidagi ariq suvlaridan olingan 9 ta namuna, qabriston va uning tashqarisidan olingan tuproq namunalari laboratoriya tekshiruvi uchun yuborilgan. Olingan laboratoriya xulosalariga ko‘ra, barcha tahlil natijalari me’yorida ekanligi ma’lum bo‘lgan. Yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchi virus va bakteriyalar aniqlanmagan.








