Sanksiyalarga qaramay, Rossiya neft va gazdan rekord daromad olishda davom etmoqda
O‘tgan ikki oyda 62 milliard yevrolik energetik resurslar sotildi.

Ukrainada harbiy mojaro boshlanganidan buyon Rossiya qazib olinadigan yoqilg‘idan olgan daromadlarini ikki barobar oshirdi. Bu haqda Finlyandiya Energiya va toza havo tadqiqotlar markazi (CREA) maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, qazib olishning umumiy hajmi kamayganiga qaramay, dunyo bozorida energetik resurslarning narxi oshgani ortidan Moskva 62 milliard yevro daromad olgan. CREA‘ning taʼkidlashicha, RF Yevropaning energetik qaramligidan unumli foydalanmoqda.
Rossiyaning Yevroittifoqqa ikki oyda sotgan neft, gaz va ko‘mirining umumiy qiymati 44 milliarddan oshdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkichning yillik miqdori 144 milliard yevroni tashkil etgan (oyiga 12 milliard yevro).
YEIda Rossiya resurslarining asosiy xaridori hamon Germaniya bo‘lib turibdi. Rasmiy Berlinning Moskva energetik resurslaridan qaramlikni kamaytirish zarurligi to‘g‘risidagi bayonotlariga qaramay, ikki oyda u RFdan 9 milliardlik energetika sotib oldi.
Sanksiyalarga qaramay, Rossiya neft va gaz narxi ko‘tarilib ketishi ortidan rekord daromad olishda davom etmoqda. Yangi sanksiyalar esa ularning yana-da qimmatlashishi va Bryusselni yana-da noqulay vaziyatga solishi mumkin.
CREA yetakchi tahlilchisi Lauri Millivirtaning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi Moskvaning harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda. Uning fikricha, Rossiya harbiy mashinasini zaiflashtirishning yagona yo‘li qazib olinadigan energetika resurlaridan tezroq va to‘liq voz kechishdir.
Avvalroq YEI Rossiya neftini embargo qilish masalasida kelisha olmagani maʼlum bo‘lgandi.







