Rossiyada kinoteatrlar yopilish arafasida
Xorijiy filmlar namoyishi to‘xtagach, zallar bo‘shab qolgan.

Rossiyada keyingi ikki-uch oy ichida mahalliy kinoteatrlarning yarmi ishini butunlay to‘xtatishi mumkin. Bu haqda “Interfaks” xabar qildi.
Qayd etilishicha, Amerikaning eng yirik kinostudiyalari (“Sony”, “Warner Bros”, “Walt Disney Company” va “Universal”) Gʻarbning sanksiyalari tufayli Rossiya bozorini tark etgan. Shundan so‘ng kinoteatrlarda mahalliy filmlar namoyishi boshlandi. Biroq, ularning daromadlari deyarli ikki baravar kamaygan.
Xususan, joriy yilning mart oyida to‘lovlar 44 foizga, kinotomoshabinlar soni esa deyarli ikki baravarga kamaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, passivlik shu tariqa davom etsa, yozga qadar kinozallarda hech kim qolmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Moskva, Yekaterinburg, Ivanovo, Chita va Rossiyaning boshqa shaharlaridagi ayrim kinoteatrlarda xorij filmlarining pirat namoyishi o‘tkazila boshlagani xabar qilingandi.








